Uy sotib olish uchun subsidiyalar

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi "Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʼlash tartibi toʼgʼrisidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi  182-sonli qaroriga asosan uy-joy sotib olish uchun subsidiya taqdim etish, uy-joy sharoitini yaxshilashga muxtoj boʼlgan oilalar, ogʼir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa Oʼzbekiston fuqarolariga nisbatan qoʼllaniladi.

Subsidiya oluvchi fuqarolar 18 yoshdan 60 yoshgacha boʼlishi kerak. Аgar fuqarolar mehnat migranti boʼlganda, uning nomidan oila aʼzolari ham ariza berishi mumkin.

Subsidiya olish uchun arizani davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali elektron tarzda berish mumkin. Subsidiya olish uchun arizalar 2020 yil 1 oktyabriga qadar qabul qilinadi.

Subsidiya berilishi uchun qabul qilingan barcha arizalar masʼul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya tomonidan oʼrganib chiqiladi va ariza beruvchilarga mezonlar boʼyicha ball beradi. Subsidiya eng yuqori ball toʼplaganlarga tartib boʼyicha beriladi.

Subsidiya olish uchun quyidagi maʼlumotlar taqdim etilishi zarur.

– pasport;

– oila aʼzolarining pasporti va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (toʼliq oila va voyaga yetgan farzandi(lari) boʼlganda) va farzandlarining tugʼilganlik haqidagi guvohnomalari (agar voyaga yetmagan boʼlsa) nusxasi;

– nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb topilgani toʼgʼrisidagi sud qarori (nikoh qayd etilgan hollarda) va oilaviy holati toʼgʼrisida FHDYo organlari arxividan maʼlumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan hollarda);

– doimiy propiska joyidan kadastr raqami va turiga tegishli maʼlumotlar;

– doimiy propiska joyidan uy daftarining yoki kvartira kartochkasining (17-shakl boʼyicha) nusxasi;

– ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi hamda ushlab qolingan daromad soliqlari haqida maʼlumotnoma (qoʼshimcha daromadlar boʼlsa soliq deklaratsiyasi).

Аriza yakunlari boʼyicha talabgorga ijobiy javob olingan taqdirda fuqaro oʼzining tanloviga koʼra subsidiyani uy-joy sotib olish uchun boshlangʼich badal yoki kredit foiz toʼlovlarining bir qismini qoplashga qaratilgan mablagʼ shaklida olishi mumkin boʼladi.

Shu jumladan:

Qishloq joylarda – birinchi 5 yil davomida ipoteka krediti boʼyicha foiz toʼlovlari bilan bogʼliq xarajatlarni qoplash uchun – 10 foizlik punktdan oshgan qismiga;

Shaharlarda (shu jumladan, Toshkent shahrida ham) – dastlabki badalning bir qismini toʼlash bilan bogʼliq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida;

Toshkent shahrida birinchi besh yil davomida kredit boʼyicha foizlarni qoplash uchun – 12 foizlik punktdan oshgan qismiga;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga toʼlanadi.

Subsidiyalar bir oilaga (oila aʼzolarining bittasiga) faqat 1 marta beriladi.

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.