O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 29 oktyabrda ro'yxatdan o'tkazilgan 3283-sonli Nizom yuzasidan onlayn seminar o’tkazildi

 

 

 

 

 

 

2021 yil 25 iyun soat 17:00 da ZOOM dasturi orqali bank xodimlari ishtirokida «Bir qarz oluvchi, o’zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng ko’p miqdori to’g’risida»gi Nizom yuzasidan onlayn seminar o’tkazildi (29.10.2020 yil, 3283-son).

Ushbu seminarda Nizomdagi tushunchalar va bir qarz oluvchi, o’zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun bank oldida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan tavakkalchiliklar nimalardan iborat ekanligi, tavakkalchilikning hisob-kitoblari va ulardan chegirmalar, bankka aloqador shaxslar va ular nomidan harakat qilayotgan shaxslar kimlarni tashkil qilishi, jumladan, ular bilan amalga oshiriladigan bank operatsiyalari haqida fikr yuritildi.

Jumladan, bir qarz oluvchi yoki o’zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi hamda bankka aloqador shaxslarning bank oldida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan tavakkalchiliklari quyidagilardan iborat:

Bankning kredit bo’yicha talablari (qarz, kredit, mikroqarz, mikrokredit, mikrolizing, lizing, faktoring);

Bankning pul mablag’lari evaziga boshqa bank yoki kredit tashkilotlari tomonidan qarzdorlarga har qanday bilvosita turda ajratilgan va kredit tavakkalchiligi mavjud mablag’lar;

Bir qarz oluvchi tomonidan o’zi bilan aloqador bo’lmagan boshqa bir qarz oluvchiga uning bank oldidagi kredit yoki boshqa majburiyatlari bo’yicha bankka taqdim etilgan va jami majburiyatidan oshmagan miqdordagi kafolat, kafillik va qarz oluvchi tomonidan berilgan qimmatli qog’ozlar;

Yuridik shaxsning ustav fondiga va qimmatli qog’ozlariga qilingan investitsiyalar, shu jumladan repo kelishuvlari doirasida sotilgan qog’ozlar va veksellar;

Kredit tavakkalchiligi mavjud bo’lgan balansdan tashqari majburiyatlar, shu jumladan foydalanilmagan kredit liniyalari, chaqirib olinmaydigan majburiyatlar, kreditlash bo’yicha boshqa majburiyatlar;

Bo’lib-bo’lib to’lash sharti bilan sotilgan aktivlar bo’yicha talablar;

Kredit tavakkalchiligi mavjud bo’lgan boshqa majburiyatlar, shu jumladan olinishi lozim bo’lgan hisoblangan foizli va foizsiz daromadlar, bo’naklar va bankning debitorlik qarzdorliklari.

Bankning bir qarz oluvchi yoki o’zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng ko’p miqdori bank birinchi darajali kapitalining 25 foizidan oshmasligi kerak.

Bankning bir qarzdor yoki o’zaro aloqadorlar guruhiga to’g’ri keluvchi ta’minotsiz kredit, shuningdek, faktoring xizmatlari uchun tavakkalchilikning eng ko’p miqdori bank birinchi darajali kapitalining 5 foizidan oshmasligi kerak.

Bankning barcha yirik tavakkalchiliklarining umumiy miqdori bank birinchi darajali kapitalining 5 barobaridan oshmasligi lozim. 

O’zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi nazorat asosida, iqtisodiy asosda vujudga keladi.

Qarzdorlar quyidagi hollarda nazorat asosida o’zaro aloqador bo’ladi.   

Yuridik shaxslar o’rtasida:

a) Bir yuridik shaxs bevosita yoki bilvosita, yakka tartibda yoki birgalikda harakat qiluvchi shaxslar guruhi tarkibida boshqa yuridik shaxs ustav fondining  20 foiz va undan ortig’iga egalik qilsa yoki egalikni nazorat qilsa;

b) Bir yuridik shaxs boshqa yuridik shaxs ustidan nazoratni amalga oshirsa;

c) Yuridik shaxslar uchinchi shaxsning yoki u bilan birgalikda xarakat qiluvchi shaxslarning nazorati ostida bo’lsa.

Jismoniy  shaxslar o’rtasida:

a) Jismoniy shaxs bevosita yoki bilvosita, yakka tartibda yoki birgalikda faoliyat ko’rsatuvchi shaxslar guruhi tarkibida, yuridik shaxs ustav fondining 20 foiz va undan ortig’iga egalik qilsa yoki egalikni nazorat qilsa;

b) Jismoniy shaxs yuridik shaxs ustidan nazoratni amalga oshirsa;

c)  Jismoniy shaxs yuridik shaxs bank Kuzatuv kengashi, Boshqaruv a’zosi bo’lsa yoki mansabdor shaxsi hisoblansa;

d)  Jismoniy shaxsda yuridik shaxs ustav fondining 20 foiz va undan ortig’iga egalik qiladigan yoki egalikni nazorat qiladigan boshqa yuridik shaxsga nisbatan rahbarlik vakolati bo’lsa;

i) Jismoniy shaxsning yuridik shaxs nazoratni amalga oshiradigan boshqa yuridik shaxsda boshqaruvga oid vakolatlari mavjud bo’lsa.

Qarzdorlar quyidagi hollarda iqtisodiy asoslarda o’zaro aloqador bo’ladi.

a) Bir tomon maxsulot sotishdan olingan 50 foiz va undan ortiq yillik tushumi boshqa bir tomon bilan amalga oshiradigan faoliyat asosida yuzaga kelsa;

b) Bir tomon ishlab chiqargan mahsulotning 50 foizdan kam bo’lmagan qismi boshqa bir tomonga sotilsa va ushbu mahsulotga bozorda boshqa xaridor topish qiyin bo’lsa;

c) Bir tomon ikkinchi tomonning bank oldidagi majburiyatning to’liq yoki qisman qoplash uchun garov, kafolat, kafillik yoki to’lab berish bo’yicha boshqa majburiyat bilan ta’minlasa;

d) Qarzdorlarda qarzni qoplash manbasi yagona bo’lib, qarz bo’yicha to’lovni to’liq amalga oshirish va uni o’z vaqtida qaytarish uchun boshqa manbalar mavjud bo’lmasa.

Banklarning bankka aloqador bo’lgan shaxslar bilan yoki ular nomidan harakat qiladigan shaxslar bilan tuzadigan shartnomalari bankka aloqador bo’lmagan shaxslar uchun nazarda tutilgan shartnomalarga qaraganda ancha qulay shartlarga asoslangan hollarda ularning bunday shartnomalarni tuzishi taqiqlanadi.

Har bir bank bir qarz oluvchi yoki o’zaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchiliklar hisobini yuritishi va bu to’g’risidagi hisobotni har oyda Markaziy bankka taqdim etib borishi lozim.

28-06-2021

Sayt materiallaridan to`liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt www.aloqabank.uz manzili ko`rsatilishi shart.